Umid

 “O‘g‘lingizning nogiron ekanligini tan oling, axir. O‘g‘lingiz maxsus maktabda tahsil olishi kerakligini tushunishingiz kerak. Davlat ham nuqsonli bolalarga har oy 500 ming so’m pul beradi, hech bo‘lmasa dorilarga yordam bo‘ladi sizga.”

“Nuqson...? Menga qarang, mening bolam hech qanday nuqsonli emas. Mening o‘g‘lim soppa-sog‘ku, axir. Hali ko‘rasiz, maxsus maktabda emas, boshqa bolalar qatori yaxshi joylarda o‘qiy oladi mening o‘g‘lim ham. Hali barchangiz ko‘rasiz.”


Oilamizda ota-onamda gapirish va eshitish nogironligi borligi sababli, shifokorlar farzandli bo‘lganimda farzandim ham yura olmasligi va ko‘rish qobiliyatida nuqsonli bo‘lishini aytishgan edi.

O‘shanda dunyo men uchun bir zumda qorong‘u maskanga aylangan edi, lekin chaqaloq farzandimni har ko‘rganimda uning taqdiri ham ota-onamnikidek bo‘lishi, boshqa minglab bolalarga qo‘shilib yurib, yugurib o‘ynay olmasligini o‘ylasam ham, o‘g‘limning nogironligini aslo tan olgim kelmasdi.

Allohdan doim uning sog‘ayib ketishini, shifokorlar noto‘g‘ri tashxis qo‘ygan bo‘lib chiqishini so‘rab duo qilardim. Hattoki unga yura olmasligini bilsam ham doim turli oyoq kiyimlar sotib olardim va uydan chiqqanda uni oyog‘iga yaxshi niyat qilib, bir kun kelib yurib ketishiga ishonib kiydirib qo‘yardim. Uni ko‘rgan odamlar: “Nega kap-katta bolani ko‘tarib oldingiz, ha qo‘ying, oyoq kiyimi bor ekan-ku, o‘zi yursin”, deyishar edi. Axir ularga oyoq kiyimi bor degani yura oladi degani emas-ku, deyish og‘riqli edi-da.

Inson agar bir narsani Allohdan umid bilan so‘rasa va uni amalga oshishiga doim ishonsa, bir kun kelib u niyatiga albatta yetar ekan.

Oradan 7 yil o‘tdi. O‘g‘lim tug‘ilgan paytdan boshlab maktab yoshiga yetguncha shahardagi eng zo‘r shifokorlarga va barcha ko‘riklarga olib bordim. O‘g‘lim yurayapti. Men bunga ishongandim. Undan ham quvonarlisi, Toshkentdagi eng zo‘r xususiy maktablardan birida yuz foizlik to‘liq grant bilan salohiyatli bolalar qatorida tahsil olayapti.

O‘g‘lim u maktabga kirishdan oldin men u yerga tozalov xodimi bo‘lib ishga kirgan edim, chunki xodimlar farzandlariga 50 foizlik chegirma berilishini bilar edim-da. Biroq Allohning rejalari biznikidan go‘zalroq va u barcha duo va iltijolarni eshitguvchi zotki, meni shunday yaxshi insonlar qo‘lida ishlashimni, u insonlar sababli esa farzandimni barcha nuqsonsiz bolalar qatorida o‘zim orzu qilgan tahsil maskanida o‘qitishim mumkinligini nasib qildirganligi bunga yana bir misol bo’la oladi.

 

Anonim 


Popular Posts