Ishonch
«Men Javohirni kim ekanligini bilaman. Odamlar uni bilimsiz deyishi mumkin, uni yomon inson sifatida ko’rishlari ham mumkin, bu ularning fikrlari, xolos, va ular haqiqiy Javohir kimligini bilmaydilar: u yaxshi bola!»
Odamzod o’zi yashab o’tgan hayot yo’liga bir nazar tashlaganda, u ikki xotira bilan kurashib kelganini his qiladi: birinchisi yaxshi, ikkinchisi yomon xotira. Qachonki inson xotiralari uning hissiyotlari bilan chambarchas bog’lanar ekan, shundagina u inson bilan qoladi. Mening hayotimdagi eng esda qolarli voqea ham aynan dadamning yuqoridagi gaplarini uchinchi shaxs tomonidan menga aytilishi bo’lgan. O’sha paytda aniq bilmayman qanday his meni qamrab olganini, lekin u menga shunchalik ta’sir qilgan ekanki, hayotimdagi har bir burilishda o’sha suhbatni bir qayta eslab qo’yaman.
Keyin oradan vaqt o’tib angladimki, u so’zlar aslida shunchaki menga bildirilgan to’liq ishonch ekan. Aslida ishonch juda oddiy va arzon so’z. Barchaning og’zidan osongina chiqadi va shunday qaytarib olinadi. Biroq ko’pchiligimiz bir insonga ishonch bildirish aslida nima ekanligini to’g’ri tushuna olmaymiz, ya’ni ishonayotgan insonimiz aslida qarshimizdagi insonmi yoki o’zimiz ekanligimiz haqida to’g’ri hukm chiqara olmaymiz.
“Men senga ishonaman”, deyish bu boshqa insonga ishonch berish degani emas, balki ertaga u insondan keladigan barcha yomonlik va yaxshilikni qabul qila bilish uchun o’zingizga bo’lgan ishonch degani. Shuning uchun biron insonga ishonch bildirishdan oldin inson avval o’zidan: “Undan keladigan salbiy va ijobiy oqibatlarga tayyormanmi?” deb so’rashi lozim. Aks holda, aslida o’zi to’liq holda bera olmagan ishonchi uchun atrofidagi insonlarni uning ishonchini oqlay olmaganlikda ayblash bilan o’tadi.
Agar men sizga biron buyum bersam, demak uni sinishiga ham ishonib berishim kerak. Agar u buyumni faqat butun qaytishiga ishonib bersam, unda bu ishonch emas, balki shartnoma bo’ladi, ya’ni buyumni butun holatda qaytarish uchun siz bilan shartnoma tuzayotgan bo’laman.
Dadamning aytgan o’sha gaplari, shaxsan menga yuzma-yuz aytilmagan bo’lsa ham, ishonch o’zi aslida nima ekanligini qayta-qayta tahlil qilishimga va hozirgi Javohir bo’lishimga eng katta omil bo’la olgan ekan. Men ham har bir o’quvchimga: “Agar butun dunyo sizga ishonmayotgan taqdirda ham, bilingki, sizga ishonadigan bir ustozingiz bor”, deb ayta olishimga undaydigan haqiqatlarimdan bo’lgan ekan.
Javohir Quvvatov