So'ngi Rizq
SO’NGI RIZQ
Men tug‘ilganimda yig‘lamagan ekanman, shuning uchun ota-onam xavotir olib menga “Ochila” deb ism qo‘yishgan. Biz, o‘zbeklarda, shunday odat bor: agar chaqaloq yig‘lamay tug‘ilsa, uni kasal deb o‘ylab, “Ochil”, “Ochila” kabi ismlar bilan irim-sirim qilinadi — go‘yoki bola ochilib, sog‘ayib ketadi, degan umidda.
To‘g‘risini aytsam, hayotim davomida yig‘lagan kunlarim juda ham kam bo‘lgan ekan. Biroq 2025-yil 7-mart, juma kuni — hayotimdagi eng qattiq yig‘lagan kunlarimdan bo‘ldi.
Bu kun men bilan bir maktabda o‘qigan, kelajakda 67 yoshimizda birga Umraga borishni orzu qilgan, yoshimiz 60 dan oshgan bo‘lsa ham Mir Arab Oliy madrasasining Navoiy viloyati bo‘limida men bilan arab tilini o‘rgangan eng yaqin dugonamdan ayrilgan kunim edi.
Ammo uni yo‘qotishdan tashqari meni yig‘latgan yana boshqa bir achchiq sabab bor edi.
Har yili o‘g‘lim Arabistondan xurmo olib keladi, men esa ularni sinfdoshlarim va ulfatlarimga tarqataman. Bu yil esa Buxoroga dam olishga ketishimiz kerak edi va xurmolarni ham qaytgach tarqatmoqchi edim. Dugonam ham o‘sha payt shom namozidan keyin telefon qilib xurmo yegisi kelganini aytgandi, bitta qishloqda yashasak ham borishga erinib: “Buxoroga borib kelay axir, keyin o‘zim olib boraman-da oldingga”, deb zarda qilgandim.
Axir, sog‘-salomat, 60 yoshda ham 18 yoshday bo‘lib yurgan insonning ertasiga bomdoddan keyin shunchaki jon taslim qilishini tasavvur ham qilmagan edim-da.
Inson vafot etishidan oldin bolaligidagi shirin xotiralariga qaytishi, yoqtirgan taomini oxirgi rizqi sifatida yegisi kelishiga o‘shanda yana guvoh bo‘ldim va dugonam xurmoni yoqtirishini bilsam ham beparvolik qilib, uni oxirgi luqmasi bo‘lgan o‘sha qurg‘ur xurmolardan yemay ketganiga men sababchi bo‘lganim aslida meni qattiq yig‘latgan edi.
Hozir har safar o‘g‘lim Arabistondan o‘sha xurmolardan olib kelganda, kelgan kuniyoq atrofimdagilarga ulashadigan bo‘lganman, xuddi-ki dugonamning ruhi zora taskin topadigandek...
Anonim