Nafs bu do'stmi hali?
Maktab paytida birinchi bo‘lib IELTS (ingliz tili sertifikati)dan 7,5 ballni men olgandim. O ‘shanda o‘zimga bo‘lgan ishonchim yanayam ortib, Amerika universitetlariga hujjat topshirishni boshladim. Eng zo‘r universitetlarga ham kirdim, lekin keta olmadim.
Bizning qishloqda har bir insonning hayot yo‘li kamida shu ketma-ketlikka amal qilishi kerak: avval maktab, keyin universitet, ish topish va so‘ng oila qurish.
Agar kimdir bu yo‘lda sekinlashsa yo ketma-ketlikka amal qilmasa, u odamlar ko‘zida omadsiz yoki kelajagi yo‘q inson sifatida ko‘rinar edi.
Shu sababli ham ota-onamni xotirjam qilish uchun Toshkentdagi Westminster universitetida talaba bo‘ldim deb ularni aldashga majbur bo‘ldim. Aslida esa hech qanday oliy ta’limda o‘qimayotgan, balki o‘z yo‘limni topish uchun poytaxtda ishlayotgan edim.
Hayotim yaxshi, hech qanday muammo yo‘qdek ko‘rinardi. Biroq har safar ota-onamning oldiga borganda, negadir ular bilan bo‘lgan samimiy munosabat o‘rnini vahima va tushunarsiz aybdorlik hissi egallar edi.
Dasturxon atrofida o‘tirganda na men og‘iz ochib gapirar edim va na ular jur’at etib men haqimda so‘ray olardi. Eng yomoni ham shunda ediki, mening sovuq munosabatimni ko‘rib, ota-onam ham menga gapirishdan hadiksib qolgan edilar.
Amerikaga bora olmaganim, ota-onamga bergan va’damning ustidan chiqmaganim, o‘qishda o‘qiyapman deb ularni aldaganim, shu sabablar tufayli men o‘zimni aybdor his qilayotganimga ishonar edim. Biroq aslida kimning oldida aybdor ekanligimni anglab yetmagan ekanman.
Keyin bilsam, inson na ota-ona, na ustozlar va na boshqalar haqida o‘ylaydi, balki faqatgina o‘ziga va’da qilgan hayotga erisha olmagani, u uchun aslida nima xayrli ekanini faqatgina uni yaratgan Zot bilishi va ba’zida Uning rejalari insonlarnikidan farqli ekanligini nafsi qabul qila olmasligidan azoblanar ekan.
Amerikaga bormasam ham, yurtimda qolib, Alloh bergan rizq tufayli oilamizning qarzini uzishga, yagona opamning to‘yini qilib, xalqqa osh berishga va dadamga yangi mashina olib berishga kam bo‘lsa ham o‘z hissamni qo‘shishni nasib qilgan ekan.
Hozir esa menga o‘xshab chet elda o‘qimoqchi bo‘lgan yoshlarga yordam berish uchun o‘z loyihamga asos solib, nufuzli maktablardan birida ishlayman. Yaqinda anchadan beri yozmoqchi bo‘lgan kitobimni yozishga kirishganman.
Bo‘lib o‘tgan ishlar haqida tafakkur qilib, quyidagi so‘zlar ma’nosini bu safar chindan his qildim:
“Sizlar bir narsani yomon ko‘rarsizlar, holbuki u sizlar uchun yaxshidir; bir narsani yaxshi ko‘rarsizlar, holbuki u sizlar uchun yomondir. Alloh biladi, sizlar bilmaysizlar.”
(Baqara, 216)