908

 


 XOLAM :  “Axir bilasan-ku, u qizini qanchalik yaxshi ko‘rishini. Agar qiziga bir gap bo‘lsa, u hatto meni, o‘z ayolini ham ayamaydi.  O‘zingga tilab olding-da, qizim, nima qilasan uning qiziga gap qaytarib-a?”

“Bo‘ldi, qizim, yig‘lamagin, bag‘rimni qon qilib. Men bugunoq buva (onaning onasi) ga  qo‘ng‘iroq qilaman, seni biznikidan olib ketishsin. Senga u bir nima qilib qo‘ysa, onangga qanday javob beraman? Singlimning norasidasisan, axir.”


O‘shanda 5 yoshda edim. Ota-onam ajrashgan va onam vatan qilish uchun chet elga ketishga majbur bo‘lgan. Men esa xolamlarning uyida qolganman va o‘sha mahalladagi bog‘chaga borar edim.

Baribir nima qilsa ham boshqaning bolasi bo‘lganim uchun men ularnikida yashashim xolamning eriga yoqmas edi. Onam ularga oylik pul va turli xil sovg’a-salomlar yuborsa ham, ularning bergan non-tuzini oqlash 5 yoshlik qizchaning bolaligi bilan to‘lanar edi.

Agar uyda faqat xolam va ularning qizi bo‘lsa, mening yosh boladek harakatlar qilib, erkalanish, kulib o‘ynashga haqqim borligini bilardim. Lekin darvoza oldida 908 raqamli oq Cobalt bo‘lishi bilan men faqat aytilgan ishni qilish va so‘ralgan savolga javob berishdan boshqasiga o‘ta olmasdim, chunki bitta noto‘g‘ri harakat ortidan nima kelishi mumkinligi menga ayon edi: kaltak, qamchi yoki shunchaki bir kafti bilan  urilganda 5 yoshli qizchaning yuzini butunlay qoplay oladigon tarsaki. 

Agar bilsangiz, qozoq xalqining o‘tirib, xuddi oyoq kiyim tozalash harakatiga o‘xshash raqsi bor va men o‘sha raqsni qo‘rqqanimdan o‘sha inson ishdan kelgan payt, xuddi sirkdagi maymun ko‘ngilxushlik uchun tomosha qo‘yganday, tushib berardim, qo‘rqqanimdan. 


Uydagi barcha ishlar: bog‘chaga ketishdan oldin har kuni bir xil vaqtda ko‘chalarga suv sepib supurish, kichkina jussamga ikkita keladigan chelakda suv tashish, bog‘chadan kelib xolamga qarashish — bularning hammasi oddiy ko’ringani bilan hozirgi hayotimda meni inson sifatida shakllanishimda aslida juda katta ahamiyatga ega ekan.Bu yerda na mas’uliyatni olmagan dadam, meni tashlab ishlagani ketgan onam, o‘z bolasidek ko‘ra olmagan xolam yoki ularning eri — aslida hech kimning aybi yo‘q. Axir bu dunyo bir kam dunyoku ! 


Popular Posts